YXHT tomonidan tashkil etilgan seminarda O'zbekiston parlamenti a'zolari xavfsizlik sohasida byudjet xarajatlari ustidan parlament nazoratini kuchaytirish bo’yicha masalalarni muhokama qilishdi
2021 yil 3 iyun kuni Toshkent shahrida bo'lib o'tgan interaktiv seminarda O'zbekistonda xavfsizlik sohasidagi byudjet va moliyaviy xarajatlarni nazorat qilishda parlamentning roli muhokama qilindi. 20 nafar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat a’zosi, jumladan, qo'mita raislari, rais o'rinbosarlari va yordamchi xodimlar tadbirda ishtirok etishdi.
YXHT Kotibiyati nizolarni oldini olish markazi va YXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori ushbu tadbirni O'zbekiston parlamentining iltimosiga binoan aralash shaklda tashkil etdi. Seminar 2020 yil oktyabr oyida YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi va YXHT Parlament Assambleyasi ma'ruzachilari tomonidan mamlakatimizning yangi saylangan parlament a'zolari uchun tashkil etilgan birinchi tadbirning davomi bo'ldi.
«Byudjet nazorati bu davlat muassasalariga, shu jumladan xavfsizlik sohasiga ajratilgan mablag'larni shaffof, samarali va holis tarzda sarflanishni ta’minlaydigan asosiy vositadir. 2016 yilda parlament nazorati to'g'risidagi qonun qabul qilinishi, O'zbekiston parlament nazorati orqali oshkoralik va hisobdorlikni rivojlantirish yo'lida qat'iy qadamlar qo'yilganidan dalolat beradi», - dedi YXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori elchi Pyer fon Arks.
Ishtirokchilar xavfsizlik sohasidagi moliyaviy nazoratning asosiy tamoyillari va sub'ektlari, byudjet jarayonning turli bosqichlaridagi parlamentning o'rni, parlament vakolatlari va moliyaviy nazoratni amalga oshirish vositalaridan foydalanish hamda xavfsizlik bilan bog'liq xaridlarni nazorat qilish masalalarini muhokama qildilar. Seminarda nafaqat xalqaro standartlar, balki mahalliy sharoitga mos keladigan ko'plab interaktiv mashqlar va guruh muhokamalari bo’lib o'tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo'mitasi raisi Dilorom Fayzieva shunday dedi: «Byudjet ustidan nazorati parlament faoliyatining muhim tarkibiy qismlaridan biriga aylanmoqda. Oliy Majlisning har ikkala palatasi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va horijiy parlamentlarning tajriba va ilg’or amaliyotlarni o’rganish uchun xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga katta e'tibor qaratmoqda”.
Ushbu tadbir YXHTning byudjetdan tashqari “YXHT hududida xavfsizlik sohasida boshqaruv va islohatlar bo’yicha salohiyat va xabardorlikni oshirishga ko’mak berish: II bosqich” loyiha doirasida Avstriya, Germaniya, Finlyandiya, Norvegiya, Slovakiya va Shveytsariya tomonidan moliyalashtirilgan.