YXHT tomonidan o‘tkazilayotgan forumning asosiy e’tibori ta’minot zanjirlarida odam savdosiga qarshi kurashga qaratildi
Bugun Toshkent shahrida YXHTning Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili va muvofiqlashtiruvchisi idorasi va YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etilgan forumda korxonalar va davlat idoralarining ta’minot zanjirlarida odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
Forumdan koʻzlangan maqsad, xorijiy mamlakatlarning davlat va xususiy taʼminot zanjirlarida odam savdosiga qarshi qanday kurashayotgani hamda Oʻzbekistonda joriy etilishi mumkin boʻlgan ilgʻor tajribalarni oʻrganish edi. Forumning dolzarbligi YXHT hududida so'nggi paytlarda boshlangan bir qator tashabbuslar, jumladan, majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga Yevropa Ittifoqi tomonidan taklif qilingan taqiq bilan ahamiyatlidir.
“Hozirda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hududi boʻylab, tashkilotga aʻzo bir qator davlatlarda taʼminot zanjirlarida tegishli tekshiruvni amalga oshirish orqali odam savdosining oldini olish va inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha yangi qonunlarning qabul qilinish jadalligi kuzatilmoqda”, dedi YXHTning Odam savdosiga qarshi kurash boʻyicha maxsus vakili va koordinatori Valiant Richi.
Maxsus vakil, shuningdek, YXHT hududida ixtiyoriy va chora koʻrish yondashuvlaridan odam savdosi va ta'minot zanjirlarida majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida korxonalar va hukumat idoralaridan ijobiy oʻzgarishlarni talab qiluvchi qonunlarga oʻtish jarayoni kuzatilishini taʻkidladi.
“Odam savdosi - xalqaro hamjamiyatda barcha davlatlarni tashvishga solayotgan jiddiy global muammolardan biridir. Shu sababli, ushbu illatning oldini olish va unga qarshi kurashishda inson huquqlarini har tomonlama ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday sharoitda Oʻzbekistonda “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida inson huquq va erkinliklarini, aholi farovonligini taʼminlash va uning kelajakka boʻlgan ishonchini mustahkamlash masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan boʻlib, bu boradagi islohotlar tizimli amalga oshirilib kelinmoqda va aniq natijalarga erishilmoqda”, dedi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva.
“YXHT loyihalari koordinatori O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ta’minot zanjirlarida majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ko‘rilayotgan bir qator chora-tadbirlarni, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Majburiy mehnatni jinoiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunning imzolanishi; 2021 yilda majburiy mehnat uchun maʻmuriy jarimalar sezilarli darajada ortgani; mehnat inspektorlarning soni ikki barobarga oshgani; va nihoyat, mamlakatda “Bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalangan holda paxtadan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning” qora ro‘yxatdan chiqarilishni olqishlaydi”, dedi YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisining rahbari vazifasini bajaruvchi Xans-Ullrix Im.
Forumning kelajakdagi maqsadi YXHTga aʻzo davlatlar, shu jumladan, Oʻzbekistondagi taʼminot zanjirlarida odam savdosiga qarshi kurashish siyosatini muvofiqlashtirish va amalga oshirish uchun ekspertlar tarmogʻini yaratishga qaratilgan.