“Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibi YXHT tomonidan o’tkazilgan O'zbekistondagi tadbirining asosiy mavzusi
26-27 sentabr kunlari O‘zbekistonning Buxoro shahrida “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik (WPS) kun tartibi va uning inson huquqlari bilan bog’liqligi” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta’minlash komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining xotin-qizlar va gender tengligi masalalari bo’yicha qo‘mitasi bilan birgalikda hamda YXHTning Dushanbe shahridagi Dasturlar byurosi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir parlament, sud va huquqni muhofaza qilish organlari, shuningdek fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari uchun xavfsizlik sohasida ayollarning mavqeini oshirish bo‘yicha masalalarni muhokama qilish hamda milliy va mintaqaviy darajada ilg‘or tajriba almashish uchun zamin bo’ldi.
“Inson huquqlari, gender masalalari, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlamasdan turib barqaror rivojlanishga erishib bo‘lmaydi va O‘zbekiston bu positsiyani to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi”, – dedi Akmal Saidov, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi raisining birinchi o‘rinbosari.
YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori vazifasini bajaruvchi Xans-Ullrix Im BMTning 1325-sonli rezolyutsiya ijrosini qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro xalqaro tajriba almashish orqali YXHT “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini ilgari surishda, uni amalga oshirish, monitoring qilish va baholash sohasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Davra suhbati quyidagi masalalarga bag'ishlangan to'rtta yalpi majlisda davom etdi: ayollar, shu jumladan, gender asosidagi zo'ravonlik qurbonlari odil sudlovga erishishning ta'minlash; xavfsizlik sohasida ayollarning rolini oshirish; BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati tashkilotlarining ishtiroki.
Tadbir yakunida ishtirokchilar BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-rezolyutsiyasini mintaqaviy miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha ilg‘or tajriba va bilim almashish uchun mintaqaviy platforma yaratish bo‘yicha tavsiyalar berdilar.