YeXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori Xalqaro Axborotdan erkin foydalanish kuniga bag'ishlangan tadbir o'tkazdi
2020-yil 28-sentabrda YeXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuniga (IDUAI) bag'ishlangan yuqori darajadagi konferensiya tashkil etildi. Tadbir O'zbekiston Milliy ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan birgalikda tashkil etildi.
Ushbu tadbir 2019-yil oktyabr oyida BMTning 74-Bosh Assambleyasi tomonidan 28-sentabr Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuni (IDUAI) deb e'lon qilinganidan kelib chiqib, ma'lumot olish erkinligining ahamiyatini ta’kidlab o’tdi. 2020-yilgi IDUAI kuni COVID-19 inqirozi paytida va undan keyin, insonlar hayotini saqlab qolish, ishonchini mustahkamlash va barqaror siyosatni shakllantirishga yordam berish uchun, aholining ma'lumot olish huquqi uchun konstitutsiyaviy, qonunchilik va/yoki siyosiy kafolatlariga ega bo'lishning afzalliklariga bag'ishlanadi.
Tadbirda O'zbekistondan, YeXHTga a'zo davlatlardan va boshqa hududlardan 200 dan ortiq ishtirokchilar qatnashdi va ma'lumotlardan erkin foydalanish ahamiyati va usullarini muhokama qilishdi. Shuningdek, konferensiyada Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklari xodimlari, Markaziy Osiyoning tele-va radioeshittirish va tadqiqot markazlari, nodavlat tashkilotlari va fikr markazlari vakillari ishtirok etishdi.
Asosiy ma'ruzachilar orasida YeXHT boshlig'i/bosh kotibi vazifasini bajaruvchi Tuula Yurjola, YeXHTning ommaviy axborot vositalari erkinligi bo'yicha vakili direktori Yurgen Xeyssel, Shvetsiyaning YeXHTdagi doimiy vakili va 2021-yildagi YeXHT Doimiy Kengashining raisi elchi Ulrika Funered, BMT Bosh kotibining Global kommunikasiyalar bo`yicha o`rinbosari Melissa Fleming, BMTning O'zbekistondagi doimiy koordinatori Helena Freyzer, Milliy ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg'armasi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va uning o'rinbosari Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi. Ma'ruzachilar ma'lumotlardan erkin foydalanish, ochiqlik siyosati va ommaviy axborot vositalari sohasida olib borilayotgan islohotlar xalqaro talablarga mos kelishining muhimligiga e'tibor qaratdilar.
"Jamiyatning ma'lumotlardan erkin foydalanish huquqi bilan bog'liq YeXHTning ko'plab majburiyatlari bor", - deydi Jon MakGregor, YeXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori. “Bugungi pandemiyani hisobga olsak, jamiyatning axborotga bo'lgan ehtiyoji ayniqsa keskin oshdi. Men nodavlat tashkiloti bo'lgan Milliy ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan shunday yuqori darajadagi tadbir sababli, o'zaro hamkorlik qilishdan juda mamnunman."