Xalqaro kuzatuvchilarning fikriga koʻra, Oʻzbekistondagi konstitutsiyaviy referendum islohotlarning davomi sifatida koʻrindi, biroq asl plyuralizm yetishmovchiligi tufayli jarayon zaiflashdi
TOSHKENT, 2023-yil 1-may – O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy referendum texnik jihatdan yaxshi tashkillashtirilgan va turli huquq va erkinliklarni amalga oshirishga qaratilgan harakat sifatida keng targ‘ib qilingan, biroq YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi xalqaro kuzatuvchilarining bergan bugungi bayonotiga ko‘ra, referendum asl siyosiy plyuralizm va raqobatga to‘g‘ri kelmaydigan muhitda bo‘lib o‘tdi.
Referendum keng doiradagi islohotlarning davomi sifatida taqdim etildi va muhokama jarayoni, umuman olganda, har tomonlama keng qamrovli boʻldi, biroq unda baʼzi munozarali masalalar boʻyicha ochiq muhokamalar yetishmadi. Konstitutsiyaviy oʻzgarishlarga uyushgan qarshiliklar kuzatilmadi va umuman olganda, referendum jarayoni muqobil siyosiy qarashlarni yanada ragʻbatlantirish, asosiy erkinliklarini hurmat qilish va mustaqil fuqarolik jamiyati rivojlanishi uchun imkoniyatlar yaratish zarurligini taʼkidladi.
“So‘nggi islohotlar ayrim sohalarni yaxshilanishida ijobiy o‘zgarishlar ko‘rsatdi, biroq ular haligacha turli qarashlar doimiy inobatga olingan asl siyosiy plyuralizmga olib kelmagan”, dedi DIIHB kuzatuv missiyasi rahbari, elchi Albert Yonsson. "So‘z erkinligi bilan bir qatorda, kengash yoki birlashmalar erkinliklari kabi asosiy huquqlar to‘liq ta’minlanishi uchun hali ba’zi ishlar amalga oshirilishi lozim".
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan referendumda 20 millionga yaqin fuqaro ovoz berish uchun roʻyxatga olingan. Kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, qonunchilik bazasiga DIIHBning avvalgi tavsiyalariga muvofiq ba’zi texnik takomillashtirishlar kiritilgan bo‘lsa-da, jarayonning asosiy jihatlarini munosib tartibga solish, uni xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilishi zarur. Bular referendum oldi targ‘ibot-tashviqoti, referendum oldi tashviqotini moliyalashtirish, ovoz beruvchilarga xolis axborot berish, davlat organlarining referendum oldi targ‘ibot-tashviqotiga jalb etilishi hamda ommaviy axborot vositalarida teng muvozanatli yoritish zarurligi kabi qoidalarni o‘z ichiga oladi.
Markaziy saylov ma’muriyati referendumga texnik tayyorgarlikni samarali boshqardi, ammo quyi pog‘onadagi komissiyalarning betarafligi va mustaqilligi tashvish uyg‘otdi. Taklif etilayotgan o‘zgartirishlar konstitutsiyaning uchdan ikki qismiga ta’sir qilsa-da, ular yaxlit to‘plam sifatida ovozga qo‘yilgan, ya’ni ovoz beruvchilar har bir alohida masala bo‘yicha tanlash imkoniyatiga ega emas edilar. Kuzatuvchilar tomonidan referendum kuni jarayonlari tizimli yoki to‘laligicha kuzatilmadi.Ovoz berish jarayoni osuda kechdi. Biroq asosiy kafolatlar e’tiborga olinmadi va saylov qutilariga bir kishi tomonidan bir nechta byulletenlar tashlash hollari kuzatildi, bu esa butun jarayonning yaxlitligiga putur yetkazdi.
Ovoz berilgan bir qancha oʻzgarishlar gender tengligi va fuqarolarga ijtimoiy yordam koʻrsatilishiga olib keladigan yaxshilanish deb hisoblansa-da, kuzatuvchilar bir qator muhokamali masalalar bo‘yicha bahs-munozaralar yetishmasligidan xavotirlarini ham qayd etdilar. Davlat amaldorlari va parlamentdagi partiyalarning “ha” kampaniyasi hukumat tomonidan kiritilgan oʻzgartirishlar targʻibotiga mos tushdi hamda bu partiya va davlat oʻrtasidagi farqni mavhumlashtirdi. Aholiga targ‘ibot tadbirlarida ishtirok etish uchun bosim o‘tkazish holatlari bilan bir qatorda, kuzatuvchilar ma’muriy resurslardan oqilona foydalanmaslik keng tarqalganligini qayd etdilar.
Mamlakat bo‘ylab referendumning davlat targ‘iboti haqidagi yangiliklar ijobiy bo‘lib, muqobil fikrlar bildirilmagan. Onlayn ommaviy axborot vositalarining ohangi nisbatan kamroq targ‘ibot tusiga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, u yerda ham tanqidiy reportajlar mavjud emas edi va umumiy ovoz beruvchilar OAV tomonidan xolis va teng muvozanatli ma’lumotlar bilan ta’minlanmadi. So‘nggi yillarda onlayn makonning biroz ochilgani mahalliy hukumat va ijtimoiy masalalarni tanqidiy yoritishga imkon berdi, ammo o‘z-o‘zini senzura qilish keng tarqalgan bo‘lib qolmoqda.
DIIHBning konstitutsiya bo‘yicha referendumni kuzatish uchun cheklangan missiyasi o‘z ishini 27-mart kuni boshladi va 9-mayda yakuniga yetkazadi. Missiya tarkibiga poytaxtda joylashgan asosiy ekspertlar guruhi hamda butun mamlakat boʻylab tarqalgan 14 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar kiritilgan.
Batafsil ma’lumot uchun:
Katya Andrush, DIIHB: +48 609 522 266 or katya.andrusz@odihr.pl